Bir maktub singari xotiramni men,
O'chirib-o'chirib yashayotibman.
Dilimni o'rtagan armon, g'amni men,
Qog'ozga ko'chirib yashayotibman.

...Sirimni yashirmay to'kdim men tunga,
Tun bo'yi yig'lagan bo'lsa ham baytim.
Kunduz yonib-izlab kelganda unga,
"Vaqtida ayrildik, yaxshi", deb aytdim.

Tun bo'yi ko'zimdan achchiq yosh sizib,
Bezabon armondan o'qisam ham dars,
Tongda u kelganda "Uyqumni buzib...
Tag'in Siz!.." yuziga eshik yopdim qars.

"Baribir eshikni ocholmas birov,
Kelaman", - jimlik....so'ng yillarki mushkul.
Endi u kelguncha sochimga qirov -
Qor yog'ar, so'ng taniy olarmikin ul...

Qoplagani uchun bir zum ko'zni xob -
Balki umrim bo'yi berurman javob.









